AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi o‘z nihoyasiga yetdi

Tashrif doirasida o‘tkazilgan sermahsul muzokaralar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqqani ta’kidlandi.
Tashrif dasturi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan oliy darajadagi muloqot, “C5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi hamda Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmonlari va bank xodimlari ishtirokida O‘zbekiston–Amerika investitsiya kengashining ikkinchi majlisi tashkil etildi.
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamda mintaqaviy xavfsizlik yo‘nalishlarida hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Ikki tomon vakillari o‘tkazilgan uchrashuvlar do‘stona aloqalarni va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratganini e’tirof etishdi.
Tomonlar tashrif davomida erishilgan barcha kelishuvlarni aniq amaliy natijalarga aylantirish, qo‘shma loyihalarni jadallashtirish va strategik sheriklikni izchil rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.









