Anomal issiqda ochiq havoda hashar va jamoaviy ishlar tashkil etganlar javobgarlikka tortiladi

Anomal issiq davrida ochiq hududlarda hashar va jamoaviy ishlarni tashkil etganlar javobgarlikka tortiladi. Bu haqda Mehnat inspeksiyasi ma’lum qildi.
Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, havo haroratining 36 daraja va undan yuqori bo‘lishi o‘ta xavfli (ekstremal) mehnat sharoiti hisoblanadi. Shu sababli Mehnat kodeksining 359-moddasi hamda sanitariya-gigiyena me’yorlariga qat’iy rioya etish talab etiladi.
Qonunchilikdan kelib chiqib, soat 10:00 dan 17:00 gacha ochiq havoda hasharlar va ommaviy mehnat tadbirlarini o‘tkazish taqiqlanadi. Muhim ishlarni ertalab soat 10:00 gacha yoki kechki 17:00 dan keyin tashkil etish tavsiya etiladi.
Kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarda esa ish vaqtini qisqartirish, xodimlarga soyali dam olish joylari, ichimlik suvi, shaxsiy himoya va tibbiy yordam vositalarini ajratish shart. Shuningdek, ishchilar sog‘lig‘i yomonlashsa, ularni zudlik bilan ishdan ozod qilish va tibbiy yordam ko‘rsatish belgilangan.
Mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan hamda xodimlar hayotiga xavf tug‘dirgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.






