Aholiga suyultirilgan gaz yetkazish tizimiga xususiy sektor jalb etilib, kross-subsidiyalash bekor qilinadi

Prezidentning 12-sentyabrdagi PQ–326-sonli qaroriga muvofiq, mamlakatda suyultirilgan gaz ta’minoti tizimiga bozor mexanizmlari bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Tizimda shaffoflikni ta’minlash hamda funksiyalarni ixtisoslashtirish maqsadida “Hududgazta’minot” AJ muassisligida “LPG-Trade” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etiladi. Ushbu yangilanishlar jarayonida aholiga maishiy gaz yetkazib berish ustuvor vazifa sifatida saqlab qolinadi.
Yangi tartibga ko‘ra, mahalliy korxonalarda ishlab chiqariladigan hamda chetdan import qilinadigan suyultirilgan gaz (ishlab chiqaruvchilarning o‘z shoxobchalarida sotiladigan qismidan tashqari) istisnosiz birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi. Ta’minotchi korxonalar aholi uchun mo‘ljallangan gaz hajmlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri birjadan va import kanallari orqali xarid qiladi.
Shuningdek, sohaga xususiy tadbirkorlar bosqichma-bosqich jalb etilib, sog‘lom raqobat muhiti shakllantiriladi hamda kross-subsidiyalash amaliyotidan voz kechiladi. Hukumat ushbu islohotlar va narxlar erkinlashuvi davrida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga davlat tomonidan moddiy yordam ko‘rsatilishini kafolatlagan.





