Toshkentda 17 yoshli kuryer bilan janjallashib, unga qo‘pollik qilgan erkak qamaldi

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, hodisa joriy yilning 17-oktyabr kuni tushki soat 13:00 atrofida yuz bergan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda 2009-yilda tug‘ilgan kuryer M.YA. buyurtmani olib ketayotgan vaqtida bir erkak unga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatib, tazyiq o‘tkazganini bildirgan. O‘z navbatida, 1990-yilda tug‘ilgan S.R. ismli fuqaro kuryerning skuterda piyodalar yo‘lakchasidan harakatlangani sababli uni to‘xtatganini ma’lum qilgan.
Jarayonda S.R. voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib, jamoat tartibini buzgani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan fuqaroga nisbatan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
S.R.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bo‘yicha bayonnoma tuzilib, to‘plangan barcha materiallar mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan. Ushbu modda doirasida bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi nazarda tutilgan.
U sud qarori bilan 5 sutkaga qamalgan.








