Toshkent tumanlarida tarqalgan noxush hidli issiq suv sifati to‘liq me’yorga keltirildi

“Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi mutaxassislari hamda “Toshkent shahar suv ta’minoti”ning kimyo-bakteriologiya laboratoriyasi tomonidan olingan suv namunalari chuqur tahlil qilingan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, suvning barcha ko‘rsatkichlari amaldagi me’yorlarga to‘liq javob berishi hamda undan foydalanish mutlaqo xavfsiz ekani tasdiqlandi.
Ma’lum qilinishicha, noxush hid bilan bog‘liq muammo poytaxtning issiqlik ta’minoti tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash va alohida tarmoqlarni modernizatsiya qilish jarayonlari doirasida yuzaga kelgan. Hozirda barcha texnik sozlash va tozalash ishlari yakunlangan.
Shunga qaramay, issiq suv sifati bo‘yicha e’tirozlari saqlanib qolgan fuqarolar uchun maxsus xizmat ishlamoqda. Muammo kuzatilgan xonadon egalari “1347” qisqa raqamli koll-markaziga murojaat qilib, joylarga mutaxassislarni chaqirishlari mumkin.








