Qozog‘istondan O‘zbekistonga temiryo‘l orqali don tashish hajmi keskin oshdi

Qozog‘iston Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 44 foizlik o‘sishni tashkil etmoqda.
Xabar qilinishicha, hisobot davrida Qozog‘iston jami 10,8 million tonna don tashigan bo‘lib, shundan 8,4 million tonnasi eksport hisobiga to‘g‘ri kelgan. Markaziy Osiyo mamlakatlariga yetkazib berilgan 5,5 million tonna donning qariyb to‘rtdan uch qismi aynan O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keldi.
Mintaqaning boshqa davlatlaridan Tojikistonga 1,18 million tonna, Qirg‘izistonga 184 ming tonna hamda Turkmanistonga 30 ming tonna don yuborilgan. Shuningdek, Markaziy Osiyodan tashqaridagi yo‘nalishlarda ham keskin o‘sish kuzatilib, Xitoyga eksport 54 foizga, Afg‘onistonga esa 4,3 baravarga ko‘paygani qayd etildi.
Transport vazirligi don tashuvlarini uzluksiz tashkil etish maqsadida maxsus shtab tuzib, jarayonga 16,9 mingta don tashuvchi vagon hamda 2 mingdan ziyod lokomotivlarni jalb etgan. Faqatgina sentyabr oyining o‘zida O‘zbekistonga yana 510 ming tonnaga yaqin don mahsulotlari yetkazib berilgan.








