Navaiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish tugatilib, u mamlakatdan chiqarib yuborildi

Politsiya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, san’atkor ish tugatilganidan so‘ng darhol Qozog‘iston hududidan chiqarib yuborilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ish reabilitatsiya qilmaydigan asoslar bo‘yicha tugatilganini bildirdi. San’atkorning huquqbuzarlikni birinchi marotaba sodir etgani va qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgani qaror qabul qilishda e’tiborga olingan. Prokuratura ushbu to‘xtamni to‘liq tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, ijrochi 13-oktyabrdan 14-oktyabrga o‘tar kechasi “Qorday” chegara maskanida avtomobilida giyohvand modda topilishi ortidan ushlangan edi. Sud qarori bilan unga nisbatan ikki oylik hibs ehtiyot chorasi belgilangan, hodisa sabab Astanada rejalashtirilgan konsert dasturi ham bekor qilingan edi.
Mazkur holat ortidan Rossiya Federatsiyasining Olmaotadagi Bosh konsulligi vaziyatga oydinlik kiritishni so‘rab diplomatik nota yuborgan hamda diplomatik doiralarda fuqaro huquqlarini himoya qilish chorasi sifatida baholangan edi.









