Chirchiq daryosiga oqova suvlarni tozalamasdan oqizgan korxona ustidan sudga da’vo kiritiladi

Bunga tozalash inshootlaridagi jiddiy nosozliklar hamda ifloslangan oqova suvlarning bevosita Chirchiq daryosiga tashlangani sabab bo‘lgan.
Ekologiya politsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq daryosi suvi qizil tusga kirgani aks etgan tasvirlar tarqalgach, zudlik bilan tekshiruv ishlarini boshlagan. Qibray tumanida joylashgan Chirchiq shahar oqova suvlarini tozalash inshootlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida obyektga to‘qimachilik va kimyoviy ishlab chiqarish korxonalaridan me’yordan ortiq ifloslantiruvchi moddalarga ega suvlar kelib tushgani aniqlangan.
Ushbu inshootlar biologik tozalashga mo‘ljallangan bo‘lishiga qaramay, aeratsiya tizimi va tindirish jarayonidagi nosozliklar sababli tozalash samaradorligi atigi 27,7 foizni tashkil etgan. Shuningdek, Bo‘stonliq tumanidagi G‘azalkent shaharchasidan chiqayotgan maishiy va sanoat oqovalari umuman tozalanmasdan daryoga oqizilgani qayd etilgan.
Holat yuzasidan atrof-muhitga yetkazilgan zarar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi hamda to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi. Tozalash inshooti rahbari tekshiruv dalolatnomasini imzolashdan bosh tortgani sababli, belgilangan to‘lovlar iqtisodiy sud orqali majburiy tartibda undirib olinadi.








