Chilonzordagi ko‘pqavatli uy atrofida o‘lik hayvonlar topildi

Poytaxtning Chilonzor tumani 26-mavzesida ko‘cha hayvonlari va qushlar o‘lik holda topilayotgani haqida xabar tarqaldi.
Facebook’dagi murojaatdaga ko‘ra, ular zaharlangan bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Holat yuzasidan mas’ul idoralar tekshiruv o‘tkazib, bunga aloqador shaxslarni aniqlashga chaqirilgan.
“Ammo bu voqeaning yana bir, bundan kam bo‘lmagan dahshatli tomoni bor. Agar bolalarimiz yoshligidan boshqalarning hayoti hech qanday qadrga ega emasligini ko‘rib o‘ssa, ular qanday inson bo‘lib voyaga yetadi? Agar ular kuchsiz va himoyasiz jonzotlar jazosiz yo‘q qilinayotganiga guvoh bo‘lsa-chi? Axir kelajak avlod aynan shunday xatti-harakatlar va o‘zini himoya qila olmaydiganlarga bo‘lgan munosabatimiz asosida tarbiyalanadi”, — deyiladi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarda.
Murojaat mualliflari zaharli moddalar bolalar, uy hayvonlari va mahalla aholisi uchun ham xavf tug‘dirishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Ular daydi hayvonlar soni bilan bog‘liq muammolarni qonuniy va insonparvar usulda hal etishni so‘ragan. Hozircha hayvonlar zaharlangani va bunga kim aloqadorligi rasman tasdiqlanmagan.
- #chilonzor
- #toshkent
- #itlar









