Saida Mirziyoyeva Amerika bilan munosabatlarda bosh maqsad nima ekanini aytdi

U erishilgan barcha kelishuvlar qog‘ozda qolib ketmasdan, real iqtisodiy loyihalarga va aholi uchun yangi ish o‘rinlariga aylanishi shartligini ta’kidladi.
19-oktyabr kuni o‘tkazilgan nufuzli anjumanda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor hamda Amerika yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya kiritish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
“Yuzdan ortiq kompaniya vakillari bilan birgalikda sarmoya kiritish, biznesni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildik”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Uning qayd etishicha, mazkur kengashning tashkil etilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklik va iqtisodiy aloqalar istiqbolini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Saida Mirziyoyeva ushbu xalqaro tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSH delegatsiyasi mutasaddi va vakillariga minnatdorlik bildirib, erishilgan natijalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
“Asosiy vazifa – erishilgan ushbu kelishuvlarni aniq amaliy natijalarga, ya’ni investitsiyalar, zamonaviy korxonalar va yangi ish o‘rinlariga aylantirish”, deya ta’kidladi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Respublika rasmiy doiralari ham ushbu kengash investitsiyalarni jalb etish va qo‘shma biznes tashabbuslarini ilgari surishda asosiy platforma bo‘lishini tasdiqlagan.









