O‘zbekistonda tez orada Apple Pay to‘lov xizmati rasman ishga tushiriladi

Turizm qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, tegishli amaliy ishlarni Markaziy bank, tijorat banklari hamda HUMO va Uzcard milliy to‘lov tizimlari hamkorlikda olib bormoqda.
Ushbu loyiha turizm infratuzilmasini zamonaviylashtirish, mamlakatga kelayotgan xorijlik sayyohlarga qulaylik yaratish hamda xalqaro to‘lov vositalarini mahalliy bozorga integratsiya qilishga qaratilgan. Asosiy maqsad – chet ellik mehmonlarga O‘zbekiston hududida o‘zlari o‘rgangan, xavfsiz va qulay to‘lov usullaridan erkin foydalanish imkonini taqdim etishdan iborat.
Shu bilan birga, sayyohlar oqimi yuqori bo‘lgan Xitoy va Hindiston bozorlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Alipay+ hamda NPCI International tizimlarini milliy infratuzilmaga ulash ishlari faol davom ettirilmoqda. Avgust oyida HUMO tizimida Alipay+ to‘lov shlyuzi ishga tushirilgani sababli, bugungi kunda xitoylik sayyohlar UZQR orqali to‘lovlarni muammosiz amalga oshirmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda Google Pay to‘lov xizmati ishga tushirilgan edi.







