O‘zbekistonda ilk bor shisha, plastik va alyuminyum chiqindilarni topshirish orqali pul ishlash mumkin

Toshkent shahrida Ekologiya qo‘mitasi binosi oldida chiqindilarni saralash va qayta ishlashga yo‘naltirish uchun mo‘ljallangan fandomat o‘rnatildi. Xuddi shunday uskuna Surxondaryo viloyatida ham ishga tushirildi. Bu haqda 23-sentabr kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jihozning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Investitsiyalar boshqarmasi bosh mutaxassisi Sardorbek Nabiyevning so‘zlariga ko‘ra, fandomatlar Norvegiyaning TOMRA kompaniyasi bilan hamkorlikda tajriba tariqasida o‘rnatilgan. Hozircha uskunalar xarid qilinmagan, ular pilot loyihani amalga oshirish uchun kompaniya tomonidan taqdim etilgan.
Har bir idish uchun 150 so‘m to‘lanadi
Fandomatlar plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini qabul qiladi. Aholi topshirgan har bir idish uchun 150 so‘mdan rag‘batlantiriladi. Pul Click elektron hamyoniga avtomatik tarzda o‘tkaziladi.
“Bu keshbek emas, oddiy pul. Masalan, odamlarda elektron hamyonlarida pul bo‘ladi. Uni xohlagan joyda, hech qanday cheklovlarsiz ishlatishi mumkin”, — dedi Sardorbek Nabiyev.
Shuningdek, foydalanuvchilar yig‘ilgan mablag‘ni xayriyaga yo‘naltirish imkoniyatiga ham ega. Bunday pullar “Yashil makon” loyihasi doirasida daraxt ekish ishlariga sarflanishi ko‘zda tutilgan.
“Hozirda Click kompaniyasining elektron hamyoni orqali bu rag‘batlantirishlar avtomatik tarzda tushadi. Ikkinchi variant ham bor — elektron hamyon orqali yig‘ilgan mablag‘larni xayriyaga yo‘naltirish. Foydalanuvchi uni o‘zi tanlaydi”, — deya tushuntirdi mutaxassis.
Hozircha to‘lovlar faqat Click orqali amalga oshiriladi. Keyinchalik boshqa to‘lov tizimlarini ulash, naqd pul yoki chek orqali rag‘batlantirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
Fandomat qanday idishlarni qabul qiladi?
Mutaxassisning tushuntirishicha, uskuna hajmi 3 litrgacha bo‘lgan plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini qabul qiladi. Idishlarning ichi bo‘sh bo‘lishi kerak. Ichida suyuqlik qolgan, pachoqlangan yoki shakli buzilgan idishlar avtomatik ravishda rad etiladi.
“Hozir hajmidan va turidan qat’i nazar, faqat soniga qarab pul to‘lanadi. Keyinchalik uni hajmiga va turiga moslashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi”, — dedi Sardorbek Nabiyev.
Fandomat plastik va alyuminiy idishlarni presslab, shisha idishlarni esa sindirmasdan yig‘adi. Uskunada har bir turdagi chiqindi uchun alohida konteyner mavjud.
“Shisha idishlarni sindirmasdan yig‘amiz. Sababi singan shisha idishlarni keyinchalik yana saralash muammo bo‘ladi. Plastik va alyuminiy idishlar esa presslab joylashtiriladi”, — deya izoh berdi u.
Fandomatlar tun-u kun, haftaning barcha kunlarida ishlaydi. Ularning to‘lish darajasi onlayn kuzatib boriladi. Konteyner to‘lganda mas’ul xodim uni bo‘shatadi.
Rag‘batlantirish uchun pullar qayerdan olinadi?
Sardorbek Nabiyevning ma’lum qilishicha, yig‘ilgan idishlar agentlik huzuridagi “Toza hudud” tashkilotlari tomonidan olib ketiladi va tender orqali sotiladi. Sotuvdan tushgan mablag‘lar aholiga rag‘bat puli to‘lashga yo‘naltiriladi.
“Hozirda ikkita fandomatimiz ham agentlik huzuridagi ‘Toza hudud’ hududiy tashkilotlariga berilgan. Ular yig‘ilgan idishlarni tender orqali savdoga chiqaradi. O‘sha tushgan mablag‘lardan odamlarga ushbu tizim orqali pul to‘lab beriladi”, — dedi mutaxassis.
Fandomatlar boshqa jamoat joylariga ham o‘rnatiladimi?
Agentlik vakilining aytishicha, hozircha loyiha Toshkent va Surxondaryodagi ikkita uskuna orqali sinovdan o‘tkazilmoqda. Aholining qiziqishi, topshirilayotgan chiqindilar miqdori va uskunalardan foydalanish samaradorligiga qarab, ularning sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
“Birinchi o‘rinda Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatiga o‘rnatdik. Keyinchalik tajriba muvaffaqiyatli kechgandan keyin butun respublika bo‘ylab aholi ko‘p jamlanadigan joylarga bu fandomatlarni o‘rnatish maqsad qilingan”, — dedi Sardorbek Nabiyev.
Biroq yil oxirigacha nechta uskuna o‘rnatilishi yoki Toshkentning boshqa tumanlarida ular qachon paydo bo‘lishi hozircha aniq emas.
“Agar tajribamiz muvaffaqiyatli o‘tsa, bir oy yoki bir-ikki hafta ichida natijalarni ko‘rib, undan keyin uni juda qisqa fursatda yoyishga harakat qilamiz. Hozircha aniq rejasi yo‘q”, — dedi u.
Kelajakda fandomatlar orqali qog‘oz va kiyim-kechak kabi boshqa turdagi chiqindilarni ham qabul qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi mumkin.





