AQShda o‘zbekistonlik 12 mln dollarlik yuklarni o‘g‘irlashda ayblanmoqda

AQSh prokuraturasi 33 yoshli O‘zbekiston fuqarosini yuklarni o‘g‘irlashdagi fitnada ayblamoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u va sheriklari haqiqiy tashuvchi kompaniya nomidan chiqib, kamida 24 ta yukni olib ketgan va manzilga yetkazmagan.
AQSH prokuraturasi xabar berdiki, ular avval ishlab turgan tashuvchi kompaniyalarning hujjatlarini qo‘lga kiritib, o‘zlarini shu kompaniya egasi qilib ko‘rsatgan va brokerlardan yukni olgan. Yuk ombordan chiqib ketgan, ammo buyurtmachiga yetib bormagan. Ba’zi hollarda sheriklar yukni qaytarish evaziga pul so‘ragan.
Ayblanuvchi O‘zbekiston fuqarosi, AQShda qonuniy yashash huquqiga ega. U Nyu-Jersi shtatining haqiqiy tijorat haydovchilik guvohnomasiga ega hisoblanadi.
U joriy yilning 1-iyun kuni Kaliforniyaning Ontario shahrida hibsga olingan. 22-sentabr kuni Nyu-Heyvendagi katta hakamlar hay’ati fitna ayblovini tasdiqlagan. 21-oktabr kuni Bridjport sudida aybini tan olmagan. Hozirgacha ozodlikka chiqarilmagan. Bu modda bo‘yicha eng ko‘pi bilan besh yil qamoq berilishi mumkin. Biroq ayblov hali hukm emas. Sud aybini isbotlamaguncha u aybdor hisoblanmaydi.
Rasmiylar ma’lum qildiki, sxema taxminan 2025-yil sentabrdan boshlangan. Guruh bir nechta tashuvchi kompaniyani sotib olgan yoki boshqa yo‘l bilan nazorat qilgan. Ular bilan birga kompaniya raqamlari, elektron pochta va egalarining ma’lumotlari ham o‘tgan.
Kamida 24 ta yuk o‘g‘irlangan. Ular orasida qattiq disk, audioapparat, kiyim, elektronika, kompyuter uskunasi, oziq-ovqat va nikotin mahsulotlari bo‘lgan. 12 million dollar butun guruhning zarari emas. Bu shu shaxs ishtirok etgani aytilayotgan yuklarning do‘kon narxi.
Ayblovda uning yonida beshta soxta haydovchilik guvohnomasi bo‘lgani ham yozilgan. Ismlar boshqa, surat esa o‘ziniki, yuzi biroz o‘zgartirilgan. Bundan tashqari, Nyu-Heyven Register gazetasi shikoyatga tayanib, 2026-yil boshida o‘g‘irlangan nikotin mahsulotlarining bir qismi Konnektikutdagi Vest-Heyven omboriga qo‘yilgani taxmin qilinayotganini yozdi. Bu tafsilot Adliya vazirligi xabarida yo‘q.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Transport vazirligi, soliq tergovi, ichki xavfsizlik va Kaliforniya politsiyasi ham jalb qilinib, ishni FQB olib bormoqda.









