Toshkentning bir nechta tumanlarida havodan uchib kelgan shar sabab elektr energiyasida uzilish kuzatildi

Toshkentning ayrim hududlarida 19-oktabr kuni kechqurun elektr ta’minoti qisqa muddatga uzildi. Bunga Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Aksa Tashkent issiqlik elektr stansiyasi hududiga uchib kelgan shar transformatorga shikast yetkazgani sabab bo‘lgan.
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, stansiyaning ochiq taqsimlash qurilmasiga tushgan shar transformatorni himoya qilish tizimini ishga tushirgan. Natijada IES quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha pasaygan.
Transformatorning shikastlanishi Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha uzilishiga olib kelgan. Zaxira manbalari hisobiga elektr energiyasi taxminan yarim soat ichida tiklangan.
Vazirlik e’lon qilgan videolarda buyumning qurilmaga tushishi va chaqnash, shuningdek, yerda yotgan yorilgan qizil shar aks etgan. Idora elektr stansiyalari, podstansiyalar va boshqa elektr qurilmalari yaqinida havo sharlarini uchirmaslikka chaqirdi.
Aksa Enerji Turkiya kompaniyasi Aksa Tashkent IESni 2022-yil yanvarida ishga tushirgan. Kompaniyaning O‘zbekistonda Toshkent, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yana elektr stansiyalari bor. Aksa Enerji’ning singil kompaniyasi Aksa Elektrik esa Samarqand viloyati elektr tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, kompaniya Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari elektr tarmoqlarini boshqarishni ham rejalashtirmoqda.








