Shavkat Mirziyoyev yozuvchi Javlon Jovliyev va kitobxon oilaga Toshkent shahridan uy sovg‘a qildi

O‘zbek tili bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Alisher Navoiy, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva va Abdulla Oripov kabi atoqli ijodkorlar merosi yodga olindi.
“Men har safar ziyolilar bilan uchrashsam, menga Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, Abdulla Oripov yetishmaydi, deyman. Men ularning uchalasi bilan ham sirdosh bo‘lganman. Erkin Vohidov bilan kunduzi uchrashish mumkin emas edi, kechalari uchrashib, piyoda yurardik. Abdulla Oripov bilan Zomin seminarini tashkil qilganman. Hech kim topshiriq bermagan, sharoit ham, imkoniyat ham yo‘q edi. Vagon qo‘yib, yoshlarni yig‘ardik. Halima Xudoyberdiyeva bilan ham shunday dardkash edik”, dedi Prezident.
Uchrashuvda tilga bo‘lgan e’tibor millatga va o‘zlikka bo‘lgan ehtirom ekani, bugungi kunda yaratilgan imkoniyatlar barqaror iqtisodiyot hamda tinchlik mevasi ekani ta’kidlandi.
“Mana, “o‘zligimizniki, o‘zimizniki” degan gaplarni yuzaga chiqardim men. Nimaga desangiz, odamlar unutib yuboryapti-da, bu osmondan tushgan deb o‘ylaydi. Bu osmondan tushgani yo‘q. Chimda shunday sharoitlar bo‘lishi – iqtisodiyot barqarorligidan, yurtda tinchlik borligidan dalolat”, deya qayd etdi davlat rahbari.
Shuningdek, ilgari kitob do‘konlari va kutubxonalar tanqisligi kuzatilgani, hozirda esa aholining mutolaaga bo‘lgan qiziqishi qayta tiklangani aytib o‘tildi.
“Bir paytlar kitob do‘konlari yo‘q edi. Kitob yozishni unutib yuborgan edik, sharoit yo‘q edi.
Talab bo‘lgani uchun do‘kon ko‘paydi, kutubxona ko‘paydi. Odamlar kitob o‘qishga shasht bilan kirishdi, ota-bobosidan qolgan merosni tikladi. Ochiq gap, charchagan edim. Sizlarni ko‘rib, charchoqlarim ham chiqib ketdi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.







