Samarqandda YPX xodimini so’kib qochgan talabalar ushlandi

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, uni haqorat qilgan texnikum o‘quvchilari aniqlandi. Bu haqda viloyat YHXB xabar berdi.
Texnikum o‘quvchilari ijaraga olingan Malibu-2 avtomobilida Ishtixon tumani ko‘chalarida qoidani buzgan holda harakatlanib, YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmagan.
Shuningdek, ular xodimni haqorat qilib, uni obro‘sizlantiruvchi videotasvirlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.
YHXB e’lon qilgan videoda o‘quvchilardan biri avtomobilni 1,2 mln so‘mga ijaraga olganini va YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmaganini tan olgan.
Yana bir o‘quvchi esa YPX xodimlarining to‘xtash talabiga bo‘ysunmay, qochib ketganini va ularni haqorat qilganini bildirgan.
O‘rganishlar davomida qoidabuzarliklarni sodir etgan shaxslar Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 2-sonli texnikum o‘quvchilari ekani aniqlangan.
Shundan so‘ng holat o‘quvchilar tahsil olayotgan ta’lim muassasasida tanqidiy muhokama qilingan.
Holat yuzasidan Ishtixon tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. To‘plangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.







