Qozog‘istondagi futbol o‘yinida O‘zbekiston bayrog‘i tushirilgan salbiy banner ko‘targan qizlarning ota-onalari javobgarlikka tortildi

Qonunbuzarlar voyaga yetmagan qizlar bo‘lgani sababli ularning ota-onalariga nisbatan ma’muriy chora ko‘rilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasvirlarga ko‘ra, 17-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘yinda tribunada O‘zbekiston bayrog‘i dizaynidagi banner ko‘tarilib, raqib jamoa sha’niga salbiy yozuvlar namoyish etilgan. Uchrashuvdan so‘ng esa ayrim muxlislar milliy kamsituvchi hayqiriqlarni amalga oshirishgan. Uchrashuvda “Ordabasi” jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.
Ushbu holat yuzasidan huquqshunoslar va jamoatchilik vakillari etnik nafratni qo‘zg‘atish bo‘yicha ish ochish hamda tegishli futbol klubiga nisbatan intizomiy choralar ko‘rishni talab qilishgan. Ichki ishlar organlari xodimlari tezkor surishtiruv o‘tkazib, voyaga yetmagan qizlar va ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbat tashkil etdi.
Natijada farzand tarbiyasidagi majburiyatlarini lozim darajada bajarmagani uchun ota-onalarga ma’muriy javobgarlik belgilandi. Politsiya departamenti barcha fuqarolardan jamoat joylarida o‘zini tutish qoidalariga rioya qilishni va ota-onalardan farzandlarining xatti-harakatlarini nazoratga olishni so‘ragan.








