Qashqadaryoning sakkizta tumanidagi 100 ming gektar yaylovga dronlar orqali chidamli ozuqa ekinlari ekiladi

Shu maqsadda Jahon banki bilan hamkorlikda Misr tajribasi asosida Nishon, G‘uzor, Muborak, Ko‘kdala, Koson, Mirishkor, Qamashi va Dehqonobod tumanlarida dronlar yordamida qurg‘oqchilik hamda sho‘rga chidamli chorva ozuqasi urug‘larini ekish ishlari boshlanadi.
Loyiha doirasida ushbu tumanlarda 10 ming bosh yirik hamda 50 ming bosh mayda shoxli chorva komplekslarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Aholiga sotiladigan import chorva mollari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi qo‘llanadi. Shu bilan birga, G‘uzor tumanida foydalanishga kiritiladigan 10 ming gektar yerning yarmida paxta, qolgan qismida esa ozuqa ekinlari yetishtirilib, klaster tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Kosmik monitoring ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan yana 30 ming gektar maydon aniqlangan bo‘lib, u asosan Muborak, Koson va Ko‘kdala tumanlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu yerlarni xo‘jalik aylanmasiga kiritish jarayonlariga Misrdan 10 nafar doimiy maslahatchi jalb etiladi.
Viloyatdagi suv infratuzilmasini yaxshilash uchun kelasi yili 550 milliard so‘m ajratilib, 265 kilometr kanal betonlashtiriladi hamda 20 ta nasos yangilanadi. Shuningdek, Koson, Nishon, Mirishkor, Qamashi va Yakkabog‘ tumanlarida kelgusi yilning 1-iyuniga qadar sig‘imi 50 ming kub metrlik qo‘shimcha suv hovuzlari barpo etilishi belgilangan.







