Poytaxtning Uchtepa tumanida ham sun’iy ko‘l tashkil etiladi

Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi Qo‘rg‘ontepa mahallasida 90 sotix bo‘sh maydonda dam olish maskani tashkil etildi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Dam olish maskanida suv havzasi ham qurilib, u 340- va 346-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari oralig‘ida joylashadi. Uning maydoni 0,37 gektarni, chuqurligi esa 2 metrni tashkil etadi.

Ko‘l drenaj quduqlari va ariqlardan keladigan tabiiy suv oqimi hisobiga to‘ldiriladi. Havzada cho‘milish taqiqlanadi.
Ko‘lga tutash hududda 66 tup har xil turdagi manzarali daraxtlar o‘smoqda, ularning barchasi saqlab qolinadi.
Shuningdek, u yerga yangi daraxtlar ham ekiladi. Suv havzasi atrofida saylgoh va o‘rindiqlar bo‘ladi.
Loyihani 2026-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.
Avvalroq, poytaxtning Qumariq mahallasida 2 gektarga yaqin maydonda sun’iy ko‘l barpo qilinayotgani haqida xabar berilgandi.








