O‘zbekistonda sug‘orish suvining 37 foizi kanallarda yo‘qotilmoqda

Taqdim etilgan tahlillarga ko‘ra, mamlakatdagi issiqxona gazlari umumiy chiqindilarining 17,5 foizi aynan agrar sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ushbu chiqindilarning qariyb uchdan ikki qismini metan gazi tashkil etib, uning asosiy manbai sifatida chorvachilik sohasi ko‘rsatilgan.
Tadqiqotda 2017–2025-yillarda erishilgan ko‘rsatkichlar ham tahlil qilindi. Mazkur davrda don ekinlari hosildorligi 48 foizga, paxta hosildorligi esa 71 foizga oshgan, shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilayotgan maydonlar 2,6 million gektarga yetgan. Biroq ijobiy natijalar bilan bir qatorda jiddiy muammolar ham saqlanib qolmoqda: ajratilayotgan sug‘orish suvining 37 foizi kanallarda behuda yo‘qotilmoqda, sug‘oriladigan ekin maydonlarining deyarli yarmi esa sho‘rlanishga uchragan.
Ekspertlar sohani kelgusi ellik yillikda rivojlantirishning uchta muqobil ssenariysini ishlab chiqdi. Ushbu yo‘nalishlar mavjud tendensiyalarni saqlab qolish, amaldagi dasturlarni davom ettirish hamda mahsuldorlikni oshirish bilan birga chiqindilarni keskin qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha choralarni joriy etishni o‘z ichiga oladi.
Modellashtirish natijalariga ko‘ra, chorvachilikda samaradorlikni oshirish, o‘g‘itlardan oqilona foydalanish va yaylovlarni qayta tiklash orqali zararli gazlar ajralishini sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Shu bilan birga, iqlim maqsadlarini oziq-ovqat xavfsizligi bilan uyg‘unlashtirish uchun suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda isrofgarchilikni kamaytirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surilgan.









