O‘zbekistonda o‘qituvchi va talabalar har yili majburiy psixologik ko‘rikdan o‘tkaziladi

Bu haqda qabul qilingan Prezident qarorida nazarda tutilgan.
Yangi tartib bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etiladi: 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab maktabgacha ta’lim va maktablarda, 2027/2028-o‘quv yilidan esa kollej, texnikum hamda oliy o‘quv yurtlarida yo‘lga qo‘yiladi. Barcha jarayonlar elektron platforma orqali maxfiylik ta’minlangan holda o‘tkaziladi.
Diagnostika ma’lumotlari sun’iy intellekt tizimi orqali tahlil qilinib, ishtirokchilar ruhiy barqarorligi hamda yordamga ehtiyojiga qarab uchta toifaga ajratiladi. Zarurat tug‘ilganda ularga ta’lim muassasasining o‘z psixologi yoki maxsus mentor biriktiriladi.
Soha mutaxassislarini rag‘batlantirish choralari ham nazarda tutilgan: malaka oshirishga jalb etilgan psixologlarga 20 foizlik ustama beriladi, eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 150 nafar mentor esa BHMning 20 baravari miqdorida mukofotlanadi.
Shuningdek, 2027-yildan faoliyat boshlaydigan Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti qoshida uchta ixtisoslashgan laboratoriya tashkil etilishi rejalashtirilgan.







