O‘zbekiston jamoasi Para Osiyo o‘yinlarining ilk kunida 23 ta medal qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik para sportchilar Yaponiyada boshlangan Aychi-Nagoya-2026 V Para Osiyo o‘yinlarining ilk kunida 6 ta oltin, 10 ta kumush va 7 ta bronza, jami 23 ta medal qo‘lga kiritdi. Medallar soni bo‘yicha delegatsiya Xitoy va mezbon Yaponiyadan keyingi 3-o‘rinda bormoqda.
Birinchi oltin medal
Delegatsiya hisobiga ilk oltin medalni para velotrekchi Bobur Toshtemirov olib keldi. U erkaklar o‘rtasida 3 km masofaga yakka ta’qib poygasi finalida 3:41.263 natija ko‘rsatib, Para Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi. Bu O‘zbekiston tarixida para velosport bo‘yicha qo‘lga kiritilgan birinchi oltin medal bo‘ldi.
.png&w=3840&q=75)
Para yengil atletika bahslarida esa uch nafar o‘zbekistonlik shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Husniddin Norbekov (F35 klassi) yadro uloqtirishda 16,04 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Xuddi shu yo‘nalishning F37 toifasida Qudratillo Ma’rufxo‘jayev 16,66 metr natija bilan oltin medalga ega chiqib, Para Osiyo o‘yinlari rekordini yangiladi. Shuningdek, ayollar o‘rtasida F32 klassida klab uloqtirish finalida Mahliyo Akramova 24,08 metr ko‘rsatkich bilan musobaqa rekordini o‘rnatib, chempion bo‘ldi.
Kumush medallar
Musobaqaning ilk kunida o‘zbekistonlik 10 nafar sportchi kumush medal egasiga aylandi. Para suzish bahslarida Mubinabonu Xalilova (S13 klassi, 100 m, erkin), Dmitriy Xorlin (S12, 100 m, erkin), Dias Mirmanov (SM9, 200 m, kompleks) va Azizbek Boynazarov (S8, 100 m, batterflyay) marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.

Para dzyudochilardan Uljon Amriyeva (J1, -60 kg) va Kemran Nurillayev (J2, -70 kg) o‘z vazn toifalarida finalgacha yetib borib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Para taekvondochilardan Fayozbek Валижонов (K44, -58 kg) va Umida Mamarajabova (-52 kg) ham finalda imkoniyatni boy berib, ikkinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, para yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida uzunlikka sakrashda Omadbek Hasanov (T47) 6,99 metr natija bilan, yadro uloqtirishda esa To‘libboy Yo‘ldoshev (F37) 15,79 metr natija qayd etib, delegatsiya hisobiga kumush medallarni qo‘shib qo‘ydi.
Bronza medali sohiblari
Musobaqada yetti nafar sportchimiz shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Para dzyudo bo‘yicha ayollar o‘rtasida Bonu Babayeva (J1, -52 kg) indoneziyalik raqibasini, Fotima Toirova (J1, -60 kg) esa qozog‘istonlik sportchini mag‘lub etib, bronza medaliga ega chiqdi. Erkaklar o‘rtasidagi bronza uchun kechgan o‘zbekcha derbida Ibrohimjon Akbarov (J1, -70 kg) yurtdoshi Qosim Safarqulovni yengib, uchinchi o‘rinni band etdi.

Para taekvondochi Qizlarxon Isomiddinova (-47 kg) yaponiyalik raqibasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Para suzish bahslarida esa Muslima Odilova (S13, 100 m, erkin) marraga uchinchi bo‘lib yetib kelib, musobaqa sovrindoriga aylandi.
Ayollar o‘rtasida F37/38 klassida disk uloqtirish finalida ishtirok etgan Zohira Qozoqova 27,84 metr natija bilan uchinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi bronza medalini qo‘shib qo‘ydi. Para taekvondo bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi K44 klassida -52 kg vazn toifasida bronza medali uchun kechgan bahsda O‘zbekiston vakilasi Karomatoy Rustamova indoneziyalik Ria Yuliantini 2:0 hisobida mag‘lub etib, delegatsiya hisobiga navbatdagi bronza medalini qo‘shdi.








