Janubiy Koreyada noqonuniy kirakashlik qilayotgan o‘zbekistonlik o‘zini politsiyaga berishga uringan koreyalikni hushidan ketguncha do‘pposladi

Koreyalik haydovchi o‘zbekistonlik yigitning shaxsiy avtomobilida noqonuniy ravishda yo‘lovchi tashib, pul olayotganini ko‘rib qolgan va jarayonni to‘xtatishni talab qilgan.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 18-oktyabr kuni kutilmaganda sodir bo‘lgan.
Koreyalik haydovchi o‘zbekistonlik yigitning shaxsiy avtomobilida noqonuniy ravishda yo‘lovchi tashib, pul olayotganini ko‘rib qolgan va jarayonni to‘xtatishni talab qilgan. U politsiyaga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lganida, o‘zbekistonlik fuqaro uning jag‘ qismiga kuchli zarba bergan. Videokuzatuv kameralari va videoregistrator vositasida olingan tasvirlarda tajovuzkor yerda hushsiz yotgan haydovchini urishda va tepishda davom etgani hamda birinchi yordam ko‘rsatmay voqea joyidan qochib ketgani aks etgan.
Zarba oqibatida miya chayqalishi va turli jarohatlar olgan Koreya fuqarosi faqat videoyozuvlarni ko‘rgach, nima sodir bo‘lganini anglaganini va hozirda oqibatda paydo bo‘lgan kuchli og‘riqlar sabab ishlay olmayotganini ma’lum qilgan. U noqonuniy haydovchilar Telegram-chatlar orqali mijoz yig‘ib, naqd pulda hisob-kitob qilishi hamda yo‘l harakati qoidalariga rioya etmay, xavfli haydashini aytgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan mahalliy huquq-tartibot organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda va gumondorga nisbatan qonuniy chora ko‘rish jarayoni ketmoqda.








