Janubiy Koreya va Yevropada ishlash istagidagi fuqarolar uchun Migratsiya agentligi xizmat haqi keskin arzonlashtirildi

Agentlik direktorining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan ushbu narxlar 2026-yil 20-oktyabrdan kuchga kirdi hamda o‘tgan sana bo‘yicha tuzilgan shartnomalarga tatbiq etilmaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, Janubiy Koreyaga E-9 hamda E-7 vizalari asosida ishga yuboriladigan fuqarolar uchun xizmat haqi ilgari amalda bo‘lgan 50 BHM (22 million so‘m)dan 10 BHM (4,4 million so‘m)ga tushirildi. Shu bilan birga, Yevropa mamlakatlari, Rossiya va arab davlatlariga tashkiliy tartibda ishga joylashtirish xizmatlari uchun 2026-yil 31-dekabrga qadar to‘lov to‘liq bekor qilindi.
Boshqa davlatlar bo‘yicha ham xizmat ko‘rsatish narxlari sezilarli darajada pasaytirildi. Jumladan, Belarus uchun 44 ming so‘m, MDH mamlakatlari va Mongoliya uchun 440 ming so‘m, Gruziya uchun 880 ming so‘m hamda Turkiya uchun 1 million 320 ming so‘m qiymatida tariflar belgilandi.
Yaponiyaga oliy ma’lumotli bitiruvchilarni yuborish xizmati 440 ming so‘m, maxsus malakali ishchilar va texnik stajirovka dasturlari esa 4,4 million so‘m qilib belgilandi.
Belgilangan mazkur tariflar faqatgina Migratsiya agentligining o‘z xizmat ko‘rsatish haqi bo‘lib, viza rasmiylashtirish, aviachipta va tibbiy ko‘rik kabi qo‘shimcha xarajatlar mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq alohida to‘lanishi ko‘zda tutilgan.







