Ichki ishlar tizimiga asos solinganiga 35 yil to‘ldi. Prezident soha xodimlari kasb bayrami bilan tabrikladi

Tabrikda xalq osoyishtaligini ta’minlash hamda fuqarolar huquqlarini himoya qilishdagi ko‘p yillik fidokorona mehnat uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.
Tizimda erishilgan natijalar qatorida joriy yilda mahalla va qishloqlarning qariyb yarmida birorta ham jinoyat sodir etilmagani alohida e’tirof etilgan. Bu ko‘rsatkich jamoat xavfsizligini ta’minlashda profilaktika inspektorlari hamda aholining yaqin hamkorligi samara berayotganini ko‘rsatadi. Endilikda ushbu tajribani har bir hududda kengaytirish asosiy vazifa qilib belgilangan.
Shu bilan birga, sohada raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish ko‘lami kengayayotgani, kiberjinoyatchilik hamda giyohvandlikka qarshi kurash choralari kuchaytirilayotgani ta’kidlangan. Kadrlar tayyorlashda nazariyani amaliyot bilan bog‘lash hamda dual ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xodimlardan fuqarolar murojaatlariga xushmuomalalik va mas’uliyat bilan yondashish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda kasbiy sha’nini asrash talab etilgan. Shuningdek, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning xotirasi yod etilib, ularning oilalariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish doimiy diqqat markazida bo‘lishi uqtirilgan.







