Farg‘onadagi uchta bog‘chada bolalar taomdan zaharlandi

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bolalarda tana haroratining ko‘tarilishi, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va ich ketishi holatlari kuzatilgan.
Zaharlanish sabablarini aniqlash maqsadida zudlik bilan epidemiologik surishtiruv ishlari boshlab yuborildi. Mutaxassislar bog‘chalarda berilgan nonushta, tushlik hamda kechki taomlar tarkibini, shuningdek, ushbu ma’muriyatlarga oziq-ovqat mahsulotlarini etkazib bergan ta’minotchilar faoliyatini tekshirmoqda.
Laboratoriya tahlillari uchun tayyor taomlar va xomashyolardan bakteriologik namunalar olingan. Hozirda tibbiy va epidemiologik ko‘rik ishlari jadal davom ettirilmoqda.
26-oktyabr soat 11:00 holatiga ko‘ra, shifoxonada qolayotgan bolalarning salomatligi barqaror bo‘lib, o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘q. Shuningdek, murojaat qilganlardan 23 nafar bolaga zarur maslahatlar berilib, uyida davolanish uchun javob berib yuborildi.







