Fargʻonada ikki farzandning onasi narkotik sotgani uchun 7 yilga qamaldi

Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumanida yashovchi, ikki voyaga yetmagan farzandning onasi 4 grammdan ortiq giyohvandlik vositasini sotgani uchun 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud materiallariga koʻra, ayol Qoraqushcha mahallasi Gulobod koʻchasida yovvoyi holda oʻsib turgan nasha oʻsimliklarini terib olgan. U moddani keyinroq sotishni koʻzlab tayyorlagan, isteʼmol holatiga keltirgan va yashash joyida saqlab kelgan.
2026-yil 17-mart kuni soat 21:00 larda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari nazorat xarid oʻtkazgan. Ayol oʻzidagi koʻp miqdordagi, yaʼni toʻrt grammdan ortiq giyohvandlik vositasini maxsus xaridorga 850 ming soʻm evaziga sotayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻshtepa tuman sudi ayolni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topdi. Unga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Ish xolislar, guvohlar va sudda toʻplangan dalillar bilan toʻliq isbotlangan.
Avvalroq, Surxondaryoda “Cobalt” avtomobilining gaz balloni ichiga yashirilgan 41 kg 904 gramm opiy musodara qilingan edi. Narkotik moddalarni olib ketish uchun kelgan ikki kishi va uning buyurtmachisi ham ushlangan.








