Eron elchixonalari Registonni “fors sivilizatsiyasining merosi” deb atadi. Bu O‘zbekistonda bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi

AQSH Davlat kotibi (Tashqi ishlar vaziri) Marko Rubio 18-20 oktabr kunlari Samarqandga tashrif buyurdi. Bu yerda AQSH va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari ishtirokida C5+1 formatida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Davlat kotibi hamda Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirlarini qabul qildi.
Rubio bilan birga 200 yaqin amerikalik biznes vakillari ham Oʻzbekistonga keldi va oʻzaro yirik kelishuvlar imzolanadi. Bu mintaqa va AQSH hamkorligining yangi darajaga chiqishiga katta turtki boʻlishi qayd etildi.
AQSH rasmiysi Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Samarqanndagi Registon ansambliga ham borib, oʻzbek xalqining tarixiy obidalari, anʼanalari bilan tanishdi. Shu yerda OAV bilan uchrashuv ham oʻtkazildi.

“Siz turgan yer fors sivilizatsiyaning bir qismi”
Shundan soʻng, Rubioning Samarqanddagi Registon ansamblida tushgan suratlari Eron Islom Respublikasining elchixonalari sahifalarida paydo boʻla boshladi.
Jumladan, Armanistondagi Eron elchixonasi Rubioning Registondagi videosi ostiga shunday izoh yozgan:
“Tarixni oʻrganayotganingiz yaxshi! Siz turgan yer fors sivilizatsiyasi va meʼmorchiligining bir qismi. Yaʼni, siz bir hafta oldin Akropolda tanqid qilgan oʻsha sivilizatsiya”.

Bundan tashqari Eronning Zimbabvedagi elchixonasi ham Rubio va Oʻzbekiston rasmiylari Registonda tushgan suratni ulashib, izohiga shunga oʻxshash mazmunda post qoldirgan:
“Nega Eron merosi sizni hamma joyda taʼqib qilaveradi? Ortingizga qarang. Bu peshtoqlar siz yoʻq qilmoqchi boʻlgan eron-islom sivilizatsiyasining oʻziga xos belgilari. Madaniyat yashaydi. Vayron qiluvchilar esa yoʻq”.

Bolgariyadagi Eron elchixonasi ham Registonni fors madaniyati merosi deyishni davom ettirgan.
“Marko Rubio Eron sivilizatsiyasiga hujum qiladi, biroq ayni paytda Samarqanddagi fors madaniyati merosi fonida, uning shundoq oldida turib suratga tushadi. Sen fors madaniyatini tanqid qilishing mumkin, Rubio, biroq mana shundoqqina uning oldida turibsan”, deya yozadi diplomatik idora oʻz sahifasida.

“Bu – turkiy Temuriylar merosi”
Eron rasmiy idoralarining postlaridan soʻng, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar avj oldi. Mutaxassislar va faollar Registon turkiy beklar – Ulugʻbek va Bahodir Yalangtoʻsh tomonidan qurilganini, unga fors sivilizatsiyasining aloqasi yoʻqligini taʼkidlagan. Shuningdek, Samarqand asrlar davomida turkiy davlat va sulolalar tarkibida boʻlgani, shahardagi yirik qurilishlarni oʻzbek hukmdorlari (Temur, Yalangtoʻsh, Abdullaxon II, amir Shohmurod) amalga oshirgani qayd etildi.
Tarixchi va tilshunos Eldor Asanov ham bu bayonotlarga munosabat bildirib, Eron rasmiy tashkilotlarining “bu bizning madaniy merosimiz”, “bizga tegishli meʼmorchilik” deyishini tarixiy faktlarni buzib koʻrsatish deb atagan.
“AQSH davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi ortidan Eronning bir qator elchixonalari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida oʻxshash postlar yozdi. Ularning qisqacha mazmuni: Samarqand – “Eron merosi”, “Eron madaniyatiga oid”, “sen yoʻq qilmoqchi boʻlayotgan madaniyatning bir qismi”. AQSHga qarshi axboriy hujum qilishga urinaman deb Oʻzbekistonga tegib qoʻyganini tushunmagandir ham u bechoralar.
Avesta zamonlaridan boshlab dastlab oriy, keyin Eron nomlari ostida qardosh tillarda gapiruvchi xalqlar va ular yashovchi hududlar tushunilgan. Ahamoniylar davridan boshlab bu xalqlar yirik imperiyalar va oʻziga xos madaniyat yaratgan. Shu hududlarda yaratilgan madaniyatni Gʻarb fani koʻpincha Iranian – eroniy, IX asrdan soʻng esa, lingva franka oʻlaroq keng tarqalgan eroniy tillardan biri –yangi fors tili bilan bogʻlab, Persian deb ataydi.
Ikki muhim jihat:
– eroniy xalqlar egallagan hududlarning sharqiy qismi ilk oʻrta asrlardan turklar qoʻliga oʻtib, koʻproq Turon deb yuritila boshlangan, lekin u yerda oldinroq shakllangan madaniyat va eroniy tillar anʼanasi davom etgani bois sharqshunoslikda baribir Iranian/Persian Culture tushunchasi oʻrnashib qolgan;
– fors tilining ham, eroniy madaniyatning ham birlamchi markazlari bugungi Eron hududida boʻlmagan; meʼmorchilik, yozma madaniyat Buxoroda, Samarqandda, Balxda, Marvda, Nishopurda rivojlangan, keyinchalik bugungi Eron hududlariga yoyilgan.
Barcha “milliy” tarixchiliklar singari, Eron rasmiy tarixchiligi ham sharqshunoslikda oʻrnashgan fors yoki eroniy madaniyat tushunchasini oʻz davlati nomi va hududi bilan bogʻlaydi, oʻzini markaz deb hisoblaydi.

Vaholanki, koʻp hollarda madaniy qadriyatlar Markaziy Osiyodan bugungi Eron hududiga kirib borgan. Buni meʼmorchilik misolida koʻrsak. “Eroniy” meʼmorchilikning asosiy markazlari Movarounnahr, Xuroson va bugungi Afgʻonistonning ayrim hududlari boʻlgan. Bu hududda oʻzaro bogʻliq meʼmorchilik maktablari shakllangan, ular oʻxshashlik binolar qurgan.
Eronning tarixiy qiyofasini yaxshi saqlagan mashhur madaniy markazi bor – Isfahon. Isfahonning aksar mashhur binolari Samarqanddagidan keyin, Temuriy meʼmorchiligi taʼsirida qurilgan. Umuman, Temuriy meʼmorchiligi Safaviylar, Usmonlilar va Boburiylar meʼmorchiligiga katta taʼsir oʻtkazgan. Shayboniylar va keyingi oʻzbek xonliklari meʼmorchiliklari esa Temuriylar meʼmorchiligining bevosita davomidir.
“Eroniy madaniyat”, “eroniy meʼmorchilik” tushunchalari bilan bahslashmagan taqdirimizda ham, bu meʼmorchilikning asosiy oʻchoqlari Markaziy Osiyoda boʻlib chiqyapti. Yaʼni bugungi Eron – bu madaniyatning bir boʻlagi xolos; boshqa hududlarga madaniyatni eksport qilgan tarixiy madaniy markaz emas. Bu ikki mintaqani birlashtirgan siyosiy markazlar esa doim Markaziy Osiyoda boʻlgan. Yo Tehrondan, Tabrizdan turib Samarqandni boshqargan birorta sulolani eslay olasizlarmi? Oxirgi 1,5 ming yil davomida doim buning teskarisi boʻlgan.
Shunday ekan, bugungi Eron rasmiy tashkilotlari “bu bizning madaniy merosimiz”, “bizga tegishli meʼmorchilik” deyishi ham tarixiy faktlarni buzib koʻrsatish, ham siyosiy koʻrlikdir”, — deya yozadi Asanov.
X tarmogʻida ham bu borada bahslar yuzaga kelgan.
“Ushbu arxitektura va shahar turkiy xalqlarga tegishli. Turkiy me’morchilik san’ati forslar bilan hech qanday aloqaga ega emas. Yolg‘on tarixi to‘qishni bas qilinglar”, deya yozgan foydalnuvchilardan biri.

“Registon turkiylar tomonidan bunyod etilgan. Bitta madrasani Ulug‘bek, qolgan ikki madrasani esa Yalangto‘sh Bahodir qurdirgan. Shunday ekan forslar bu yerga umuman aloqais yo‘q. Eronliklar, yaxshisi tarixni o‘rganing”, – deya yozgan boshqa bir X tarmogʻi foydalanuvchisi.

Yana bir foydalanuvchi Registon ansamblini nazarda tutgan holda, “bu – Temuriylar merosi!”, – deya izoh qoldirgan.
Shu bilan birga tarmoqlarda ozarboyjonlik foydalanuvchilar ham oʻzbeklarni qoʻllab chiqmoqda. Ular Registon oʻzbek xalqining tarixiy merosi ekanini tasdiqlab izohlar yozgan.
Portal24.uz nashri Eron elchixonlarining bayonotlari yuzasidan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qildi. Vazirlik matbuot xizmatidan soʻrovimizga rasmiy javob kutilmoqda.
Tarmoqlarda hali ham tarix va madaniyat borasida muhokamalar davom etmoqda.







