Endi Navoiy va Chirchiq aholisi hamda soliqchilar qancha topib, qancha sarflaganini ma’lum qiladi

Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, mazkur amaliyot 2026-2027-yillarda olingan daromad va qilingan xarajatlar hisobini yuritishga qaratilgan.
Yangi tartib Navoiy va Chirchiq shaharlarida doimiy ro‘yxatda bo‘lgan 18 yoshdan oshgan fuqarolarga hamda soliq tizimi xodimlariga taalluqli hisoblanadi. Hisobot yilida ishga kirganiga yoki ro‘yxatga olinganiga olti oy to‘lmagan shaxslar bu majburiyatdan ozod etiladi.
Deklaratsiyani Soliq qo‘mitasining elektron portali yoki mobil ilovasi orqali har yili 1-aprelga qadar taqdim etish lozim bo‘ladi.
Hujjatda mehnatga haq to‘lash, mulkiy hamda moddiy foyda ko‘rinishidagi daromadlar bilan birga ko‘chmas mulk, ko‘char mulk, kommunal to‘lovlar va kreditlar bo‘yicha xarajatlar ham aks ettiriladi.
Ma’lumotlar davlat idoralari bazasi hamda “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar va elektron hisobvaraq-fakturalar asosida shakllantiriladi.
Reglamentga muvofiq, deklaratsiyada xatoliklar aniqlanganda uni qayta to‘ldirish yoki uch yil ichida takroran taqdim etish imkoniyati beriladi. Eng muhimi, aniqlangan soliq bazasiga qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi hamda fuqarolarga nisbatan huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilmaydi.







