2030-yildan O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tmagan shifokor va farmatsevtlar faoliyati to‘liq taqiqlanadi

Maxsus ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi elektron guvohnoma besh yil muddatga beriladi va har safar belgilangan muddat tugagach yangilanib turishi shart qilib belgilandi.
Yangi tizimga o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi: 2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvargacha mutaxassislar ro‘yxatdan ixtiyoriy ravishda o‘tishlari mumkin. Buning uchun maxsus imtihon topshirish yoki malaka toifasini olish yetarli bo‘ladi. O‘z mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yillik ish staji va ilmiy darajasi bor xodimlar imtihon sinovlaridan ozod qilinadi, biroq ketma-ket uch yildan ortiq muddat o‘z sohasida ishlamagan shaxslarga ushbu imtiyoz tatbiq etilmaydi.
Murojaatlarni qabul qilish to‘liq raqamlashtiriladi – hujjatlar Davlat xizmatlari markazlari, YHXIP portali yoki "Tibbiy malaka" platformasi orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar topshirilishi mumkin. Vakolatli organ etib belgilangan Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi kelib tushgan arizalarni besh ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Rasmiylashtirilgan guvohnoma faqat elektron shaklda tayyorlanadi hamda uning haqiqiyligi yagona elektron reyestr orqali tekshiriladi. Qog‘oz shaklidagi nusxa yoki dublikat berish amaliyotidan to‘liq voz kechiladi.







