Toshkent texnikumlarida talabalar turarjoyi muammosi saqlanib qolmoqda

Shahar Kengashining hisobot yakunlari bo‘yicha qabul qilgan qaroriga ko‘ra, poytaxtdagi 23 ta professional ta’lim muassasasidan to‘rttasi ko‘rsatkichlari pastligi sababli “qizil” toifaga kiritilgan.
Tasnifga ko‘ra, shahardagi 12 ta texnikum “yashil” va 7 tasi “sariq” toifadan joy olgan. “Qizil” ro‘yxatga tushgan muassasalarda sharoitlarni yaxshilash hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritalari” amaliyotga tatbiq etilmoqda. Shahar Kengashi mas’ullarga viloyatlik o‘quvchilarning turarjoyga bo‘lgan ehtiyojini qayta o‘rganish, yotoqxonalar sig‘imi va sanitariya hamda yong‘in xavfsizligi talablarini qat’iy nazoratga olish vazifasini yuklagan.
Shuningdek, hujjatda texnikumlar va yotoqxonalarda o‘quvchilar o‘rtasida turli nizolar hamda zo‘ravonlik hollarining oldini olish, psixologik yordam xizmatini kuchaytirish choralari belgilangan. Ta’lim darmonlarini zamonaviy jihozlash hamda o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish bo‘yicha ham aniq topshiriqlar berilgan.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Toshkentdagi texnikumlarda 3 mingga yaqin o‘quvchi dual ta’lim tizimida tahsil olmoqda va korxonalarda amaliyot o‘tayotgan talabalarning 627 nafari oylik maosh oladi. Yuzaga kelgan muammolarga qaramay, Kengash Professional ta’lim boshqarmasining umumiy faoliyatini qoniqarli deb baholadi.









