O‘zbekiston parasportchilari Paraosiyo o‘yinlarida 145 ta medal olib, tarixda ilk bor kuchli uchlikka kirdi

Bu natija mamlakatning ushbu musobaqalar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichi bo‘ldi.
O‘zbekistonlik matonatli sportchilar shiddatli bahslar davomida 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa ular faqatgina Xitoy va Yaponiya terma jamoalaridan keyin joy olib, ilk bor umumjamoa hisobida kuchli uchlikni yakunlab berdi.
Musobaqa davomida vakillar bir nechta jahon, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarining yangi rekordlarini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Ayniqsa, delegatsiya tarkibidagi 15 yoshli Boburbek Toshtemirovning g‘alabasi turnirning eng yorqin voqealaridan biriga aylanib, u musobaqaning eng yosh chempioni deb topildi.
Taqqoslash uchun, 2023-yilda Xanchjou shahrida o‘tgan avvalgi o‘yinlarda 79 ta medal (25 ta oltin, 24 ta kumush va 30 ta bronza) jamg‘arilgan edi. Navbatdagi bahslarda medallar soni deyarli ikki barobarga oshgani sportchilar tayyorgarligi sezilarli darajada kuchayganini ko‘rsatmoqda.









