Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani uchun Toshkent shahar hokimligining 24 nafar xodimi ishdan haydaldi

Shahar Kengashining 23-oktyabrdagi qarorida keltirilishicha, yana 7 nafar xodim 21 ta tijorat tashkilotidagi ta’sischilik ulushidan rasman chiqqan.
Tekshiruvlar davomida davlat xizmati va tadbirkorlikni birga olib borgan ko‘plab holatlar aniqlangan. Jumladan, hokimlik xodimlari muassisligidagi 10 ta kompaniya tugatish jarayoniga o‘tkazilgan bo‘lsa, yana 5 ta tashkilot butunlay tugatilib, davlat reyestridan chiqarildi. Shuningdek, 6 nafar xodim xususiy firmalardagi rahbarlik lavozimlaridan voz kechgan.
Qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan hokimliklarning 49 nafar xodimi bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan, 55 nafarining masalasi esa odob-axloq komissiyasida ko‘rib chiqilib, ularga rasman ogohlantirish berilgan. Chilonzor va Shayxontohur tumanlari hokimliklaridagi o‘rindoshlik bo‘yicha aniqlangan holatlar va to‘plangan materiallar shahar prokuraturasiga yuborilgan.
Ma’lumot uchun, hokimlik tizimida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya haqida xabar berish uchun 55-507-01-10 ishonch telefoni hamda Telegram-bot yangilanib, ishga tushirildi. Shahar Kengashi tekshiruvlarni davom ettirish va qoidabuzarliklarga qarshi choralar ko‘rishni topshirdi.









