Endi pasport va boshqa hujjatlarni o‘zingiz bilan ko‘tarib yurish shart emas: raqamli varianti o‘tadi

Adliya vazirligi 2026-yil 20-oktyabr kuni ushbu tartibni rasman davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, 33 ta idoraviy hujjatga tegishli o‘zgartirishlar kiritdi.
Yangi qoidaga ko‘ra, biometrik pasport, ID-karta, tug‘ilganlik va nikoh guvohnomalari, pensiya daftarchasi, nogironlik ma’lumotnomasi hamda talabalik guvohnomalarining my.gov.uz va “Ijtimoiy karta” mobil ilovalaridagi elektron shakli to‘liq huquqiy kuchga ega bo‘ldi. Endilikda tegishli idoralar ushbu raqamli hujjatlarni qabul qilishi shart.
Raqamli hujjatlardan mamlakat ichidagi aviareyslarga ro‘yxatdan o‘tishda, banklarda shaxsni tasdiqlashda va notarial amallarni bajarishda bemalol foydalanish mumkin.
Shuningdek, aloqa operatorlari bilan shartnoma tuzish, lombard va tibbiy-ijtimoiy muassasalar xizmatlaridan foydalanish hamda qon topshirish jarayonlarida ham qog‘ozbozlikka chek qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, ushbu o‘zgartirishlar shaxsni tasdiqlovchi va boshqa hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli xizmatlarini kengaytirish doirasida amalga oshirildi va barcha davlat hamda xususiy xizmat ko‘rsatish maskanlarida bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda.







